Farg‘onada “Eng yaxshi ijtimoiy sherik” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

Ma’lumki, kasaba uyushmalari ishchi-xodimlarning mehnatga oid ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadi. Albatta, bunda eng yaqin hamkor bu ish beruvchilardir.

Ish beruvchi tomonidan ishchi-xodimlarga e’tibor va qo‘llab-quvvatlash, rag‘bat bo‘lsa, tashkilotda, albatta, ish unumdorligi oshadi. Ishchilarning ishga bo‘lgan mehri yanada ortadi.

Bugungi kunda viloyatimizdagi 3800 dan ortiq korxona-tashkilotlardagi 600 mingga yaqin ishchi-xodim kasaba uyushmasi atrofida birlashib, uning imtiyoz va imkoniyatlaridan samarali foydalanib kelmoqda. Xodimlarga munosib mehnat sharoitini yaratishda Jamoa shartnomalari muhim o‘rin tutadi.

Markaziy Osiyo davlatlari kasaba uyushmalari Kengashning 2024 yil 13 maydagi 4-sonli qaroriga asosan ish beruvchilar va kasaba uyushmasi hamkorligini yanada mustahkamlash, Jamoa shartnomalari orqali xodimlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish maqsadida “Eng yaxshi ijtimoiy sherik” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilmoqda.

Mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida “Eng yaxshi ijtimoiy sherik” ko‘rik-tanlovining Farg‘ona viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev yig‘ilganlarni Istiqlol ayyomi bilan tabriklab, tanlovga Jamoa shartnomalarini namunali bajarib, Xalqaro mehnat tashkiloti talablari asosida ish yuritib kelayotgan viloyatimizdagi eng yirik korxona-tashkilot va muassasalardan tanlovda ishtirok etish uchun kerakli hujjatlar kelib tushganini va hujjatlar Ishchi guruhi tomonidan har tomonlama o‘rganib chiqilganini alohida ta’kidladi.

Shundan so‘ng g‘oliblar nomi e’tirof etildi. Faxrli 1-o‘ringa “Avto oyna” Aksiyadorlik jamiyati loyiq topilgan bo‘lsa, 2-o‘rin “Posco international textile” qo‘shma korxonasiga hamda 3-o‘rin Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodiga nasib etdi.

Shuningdek, “Ishchi xodimlarga eng yaxshi sharoit yaratib bergan tashkilot” nominatsiyasi bo‘yicha Dang‘ara tumanidagi 34-umumta’lim maktabi va “Eng talabchan ijtimoiy sherik” nominatsiyasi bo‘yicha viloyat rus drama teatri rag‘batlantirildi.

Gʻoliblarga tanlovning keyingi Respublika va Markaziy Osiyoda o‘tkaziladigan yakuniy bosqichlarida ham faol ishtirok etib, g‘oliblar safidan o‘rin egallashlariga umid bildirildi.
Tanlov g‘olib va sovrindorlariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

Print Friendly, PDF & Email