Ilg‘or xodimlar uchun ichki turizm sayohati tashkil etildi.

Respublikamizdagi tarixiy obidalar, qadamjolar hamda yangi barpo etilayotgan maskanlarga sayohatlar uyushtirish, xodimlarning madaniy-ma’naviy hordiq chiqarishlarini ta’minlash maqsadida korxonamiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan faol ishchi-xizmatchilar uchun jamoaviy sayohat tashkil etildi.
Joriy yilning 16–18-yanvar hamda 27-fevral – 1-mart kunlari “UzAuto Motors” AJ Xorazm viloyati filialining 106 nafar ilg‘or xodimi uchun ichki turizm yo‘lga qo‘yildi. Sayohat davomida xodimlarimiz O‘zbekistonning qadimiy va tarixiy shaharlari — Buxoro hamda Samarqand bo‘ylab safar qilib, ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan boy tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishdilar.
Sayohat davomida xodimlar Buxoro shahridagi muqaddas maskanlardan biri bo‘lgan Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga tashrif buyurib, duolar qildilar. Ushbu tashrif xodimlarimizga Naqshbandiya tariqati tarixi, buyuk ulamolarning boy ma’naviy merosi haqida yaqindan ma’lumot olish imkonini berdi.
Samarqand shahriga tashrif davomida sayohat O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilish bilan boshlandi. Bu yerda Qur’on tilovat qilinib, hurmat bajo keltirildi. Shuningdek, xodimlar Shohi Zinda, Go‘ri Amir maqbarasi hamda Registon maydoniga tashrif buyurib, Temuriylar davri tarixi, me’moriy yodgorliklar va milliy merosimiz bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur ichki turizm xodimlarimiz uchun nafaqat maroqli hordiq chiqarish, balki ularning tarixiy bilimlarini boyitish, jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlash hamda milliy qadriyatlarimizni yanada chuqurroq anglashga xizmat qildi.

“UzAuto Motors” AJ Xorazm viloyati filiali bundan buyon ham xodimlarning madaniy-ma’naviy rivojlanishiga qaratilgan bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

 
 
Print Friendly, PDF & Email