KUN TARTIBIDA HUQUQIY SAVODXONLIKNI OSHIRISH

Metallurglar madaniyat saroyida kombinat tarkibiy bo‘linmalarining boshliqlari va kasaba uyushmasi qo‘mitasi raislari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Dastlab tadbirda O‘zbekiston metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bosh yuriskonsulti Normamat Sattorov so‘zga chiqib “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, ushbu qonunning qabul qilinishi fuqarolar va yuridik shaxslarning tegishli davlat organlari va mansabdor shaxslarga yo‘llangan murojaatlarini qonuniy, adolatli va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishiga asos bo‘lib xizmat qilishi haqida ma’lumotlar berib o‘tdi.

 Shu bilan bir qatorda kombinat tarkibiy bo‘linmalarida ishchi-xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida ko‘plab uchrashuvlar tashkil etilishi lozimligi haqida takliflarini bildirib o‘tdi. Sababi bugungi kunda fuqarolik jamiyatiga asoslangan huquqiy davlat barpo etishning asosiy vositalaridan biri aholining huquqiy savodxonligini oshirish hamda jamiyat a’zolarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish hisoblanadi.

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan savollar berilib, mutaxassis tomonidan tegishli javoblar olindi.

Albatta bu kabi uchrashuvlarning o‘tkazilishi foydadan xoli bo‘lmaydi sababi, vatanimizning rivojlanishi va islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan xalqning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasiga bog‘liqdir.

Print Friendly, PDF & Email