2026-yil 2-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga 30 nafardan ortiq ishchi-xodimlardan iborat guruh tashrif buyurdi.

Mazkur tashrif davomida ishtirokchilar Markazning zamonaviy infratuzilmasi, innovatsion yondashuv asosida tashkil etilgan ekspozitsiyalari hamda boy tarixiy merosni o‘zida mujassam etgan noyob ko‘rgazmalar bilan yaqindan tanishdilar.
Xususan, hududda yaratilgan sharoitlar, interaktiv taqdimotlar va multimedia vositalari orqali tashrif buyuruvchilar insoniyat taraqqiyotining ilk bosqichlari — miloddan avvalgi davrlardan tortib, bugungi zamonaviy sivilizatsiyagacha bo‘lgan rivojlanish yo‘li haqida keng va batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Markaz ekspozitsiyalarida qadimiy qo‘lyozmalar, tarixiy artefaktlar, arxeologik topilmalar hamda buyuk allomalarimizning ilmiy merosi keng yoritilgan bo‘lib, bu esa ishtirokchilarda ajdodlarimizning boy madaniyati va ilm-fan rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida chuqur taassurot uyg‘otdi.
Shuningdek, tashrif davomida xodimlar uchun tashkil etilgan ekskursiya jarayonida malakali gidlar tomonidan Markaz faoliyati, uning tashkil etilish tarixi va asosiy yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Bu esa tashrifning mazmunan yanada boy va samarali o‘tishini ta’minladi.
Tashrif yakunida barcha ishtirokchilar o‘zlarida katta taassurot qoldirgan ushbu maskan haqida ijobiy fikr-mulohazalar bildirishdi. Ular Markazning nafaqat tarixiy bilimlarni oshirish, balki milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy-ma’rifiy saviyani yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.
Mazkur tashrif xodimlarning dunyoqarashini kengaytirish, tarixiy merosimizga bo‘lgan hurmatni yanada mustahkamlash hamda jamoada ijobiy ruhiy muhitni shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qildi.

Print Friendly, PDF & Email