Joriy yilning 6 dekabr kuni, Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston – yangilangan Konstitutsiya” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda universitet birinchi prorektori – A.Ashurov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudyasi – X.Sodiqov, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi – O.G‘ulomova, Farmasevtika instituti xalqaro ta’lim fakulteti o‘qituvchisi – X.Mamatova hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi “Yosh huquqshunoslar Kengashi” NNT raisi – G‘.Tursunmetovalar qatnashdi.
Tadbirni universitet birinchi prorektori A.Ashurov kirish so‘zi bilan ochib, Konstitutsiyamizning har bir moddasini chuqur bilish, unga rioya qilish har birimizning burchimiz ekanligi qayd etildi.
Tadbir davomida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi O.G‘ulomova hamda Farmasevtika instituti xalqaro ta’lim fakulteti o‘qituvchisi X.Mamatovalar so‘zga chiqib yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Jumladan, Konstitutsiya takomillashtirilishi jarayonida, xalqimizning faol ishtiroki, isloh qilingan Bosh qomusimizdan o‘rin olgan yangi normalar va ularning hayotimizdagi ulkan ahamiyati xususida so‘z yuritildi.
Shuningdek, so‘zga chiqqan Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudyasi X.Sodiqov yangi tahrirdagi Bosh Qomusimizda “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asos qilib olingani, yaʼni har bir moddada inson qadri, uning huquq va erkinliklari aks topgani haqida aytib o‘tdi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi “Yosh huquqshunoslar Kengashi” NNT raisi G‘.Tursunmetova davra suhbatini qiziqarli va interaktiv o‘tkazish uchun talaba-yoshlar bilan savol-javob o‘tkazib, ularni qiziqtirgan barcha savollariga javob berdi.
Сообщить об опечатке
Текст, который будет отправлен нашим редакторам: