Ayni vaqtda institut rahbariyati, bo‘limlar, barcha fakultetlar jamoalari, professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar, talaba-yoshlar umumxalq hasharida faol ishtirok etmoqda.
Suratda Mashinasozlik texnologiyasi fakultetida o‘tkazilayotgan hashardan lavhalar aks etgan.
Yurtimizga goʻzallik fasli boʻlmish bahor iliq nafasi ila tabiatni uygʻotib, oʻzining yoqimli tafti bilan kirib keldi. Qalbi goʻzallikka, ezgulikka oshno inson borki, bayramlar faslida tevarak-atrofni obod qilishga shoshadi. Zero, ozodalik, poklik bor joyda doimo baraka va fayz boʻladi.
Xalqimizda ezgu maqsadlarni oʻzida mujassamlashtirgan qadriyatlar koʻp. Shunday qadriyatlardan biri hashar. Hasharda xalqimizga xos bagʻrikenglik, oʻzaro hamjihatlik va mehr-oqibat mujassam. Mahalla ahli, barcha tashkilot va korxonalar xodimlari birlashib, koʻchalar va aholi turar joylarida obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishadi.
Bugun respublikamizning barcha goʻshalarida boʻlgani kabi Andijon viloyatida ham “Navroʻz” umumxalq bayramini munosib nishonlashga tayyorgarlik koʻrish, ozodalik va poklik oyi boʻlgan muborak Ramazon oyini munosib oʻtkazish, shuningdek, mahallalar, aholi turar joylarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish maqsadida “Obod va fayzli mahalla – yurt koʻrki” shiori ostida umumxalq hashari oʻtkazilmoqda.
Unda Andijon mashinasozlik instituti maʼmuriyati, professor-oʻqituvchilari va xodimlari, talabalar faol ishtirok etib, oʻzlari mehnat qilayotgan, taʼlim olayotgan hududlarni, ariqlar, xonalarni tozalash ishlarini amalga oshirmoqda.
Jamoaviy birdamlik, oʻzaro hamjihatlik, ahillik asosida tashkil etilgan xayrli tadbirda binolar hududi, xizmat xonalari ham tozalandi.
Bir soʻz bilan aytganda, Navroʻz bayrami arafasida oʻtkazilayotgan hashar yurtdoshlarimizni Vatan ravnaqi uchun fidoyi boʻlishga, uni yanada obod etish ishtiyoqi bilan yashashga, shu bilan birga, xalqimiz ruhiyatini koʻtarishga, milliy qadriyatlarimizni ulugʻlashga, yurtimizdagi ahillik, mehr-oqibat, tinchlik uchun shukronalik tuygʻularini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Сообщить об опечатке
Текст, который будет отправлен нашим редакторам: