“Uz Dong Yang CO” MCHJda mehnat muhofazasi holati o‘rganildi.

Andijon viloyatidagi yirik sanoat korxonalarida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan monitoring ishlari davom etmoqda. Navbatdagi o‘rganish avtomobilsozlik tarmog‘ining yetakchi korxonalaridan biri — “Uz Dong Yang CO” MCHJ qo‘shma korxonasida tashkil etildi.
“UzAutoSanoat” AJ hamda “O‘zmetmashsanoat” tarmoq kasaba uyushmasi vakillaridan iborat ishchi guruh korxonadagi mehnat muhofazasi tizimi va ishlab chiqarish sharoitlarini o‘rgandi.
Monitoring davomida sexlardagi avtomatik himoya tizimlarining sozligi, ish o‘rinlarining attestatsiyadan o‘tkazilishi, mavjud xavf-xatarlarni baholash hamda xodimlarning maxsus kiyim-bosh va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanganligi ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, texnika xavfsizligi bo‘yicha kirish, birlamchi va davriy yo‘riqnomalarning o‘z vaqtida o‘tkazilishi, xodimlar bilimlarining sinovdan o‘tkazilishi hamda tegishli hujjat va jurnallarning yuritilishiga e’tibor qaratildi. Ishlab chiqarish sexlaridagi shamollatish va yoritish tizimlari, sanitariya-gigiyena sharoitlari hamda kasb kasalliklarining oldini olish choralari ham o‘rganildi.
Monitoring yakunida ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalar va jarohatlanishlarning oldini olish, mehnat sharoitlarini yanada yaxshilash yuzasidan korxona mas’ullariga amaliy, huquqiy va uslubiy tavsiyalar berildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi kamchiliklarni aniqlash bilangina cheklanmay, korxonaga amaliy ko‘mak ko‘rsatish, mehnat muhofazasi tizimini takomillashtirish va har bir xodim uchun xavfsiz mehnat muhitini yaratishga qaratilgan.

Xavfsiz mehnat — xodim salomatligi va ishlab chiqarish barqarorligining muhim garovidir.

Print Friendly, PDF & Email