“Uz-Tong Hong Ko” MCHJda mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi holati o‘rganildi.

Andijon viloyatidagi korxonalarda mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan monitoring ishlari davom etmoqda. Navbatdagi o‘rganish avtomobilsozlik tarmog‘ining yirik korxonalaridan biri — “Uz-Tong Hong Ko” MCHJda “UzAutoSanoat” AJ hamda “O‘zmetmashsanoat” tarmoq kasaba uyushmasi mutaxassislari ishtirokida tashkil etildi.
Monitoring davomida korxonada mehnat muhofazasi tizimining tashkil etilishi, ishlab chiqarish uskunalaridagi avtomatik himoya vositalarining sozligi, ish o‘rinlarining attestatsiyadan o‘tkazilishi va mavjud xavf-xatarlarni baholash holati o‘rganildi.
Shuningdek, xodimlarning maxsus kiyim-bosh va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanganligi, texnika xavfsizligi bo‘yicha kirish, birlamchi va davriy yo‘riqnomalarning o‘z vaqtida o‘tkazilishi hamda tegishli hujjat va jurnallarning yuritilishiga alohida e’tibor qaratildi.
Ishlab chiqarish sexlaridagi sanitariya-gigiyena sharoitlari, shamollatish va yoritish tizimlarining holati, xodimlarni kasb kasalliklaridan muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham ko‘zdan kechirildi.
O‘rganish yakunida ishlab chiqarish jarayonlarida baxtsiz hodisalar va jarohatlanishlarning oldini olish, xavfsiz mehnat sharoitlarini yanada yaxshilash yuzasidan korxona mas’ullariga amaliy, huquqiy va uslubiy tavsiyalar berildi.
Mazkur monitoringning asosiy maqsadi — mehnat muhofazasi talablariga rioya etilishini kuchaytirish, ishlab chiqarishda xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish hamda har bir ishchi-xodimning hayoti va salomatligini ishonchli himoya qilishdan iborat.

Print Friendly, PDF & Email