SAMAUTO TECHNOQUIZ – 2026: bilim, tafakkur va jamoaviy hamkorlik bellashuvi yakunlandi.

11-noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan «SAMAUTO» korxonasida tashkil etilgan SAMAUTO TECHNOQUIZ – 2026 intellektual musobaqasi yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
Mazkur musobaqadan ko‘zlangan asosiy maqsad xodimlar o‘rtasida intellektual salohiyatni rivojlantirish, mantiqiy fikrlash va tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash, shuningdek, jamoaviy hamkorlik va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Bellashuvda korxonaning turli sex va bo‘limlaridan shakllantirilgan 8 ta jamoa ishtirok etib, 7 ta qiziqarli raund davomida o‘z bilimlari, topqirligi, mantiqiy fikrlashi hamda tezkorligini namoyon etdi.
Murosasiz va qizg‘in kechgan bahslar yakunida quyidagi jamoalar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi:
Yakuniy natijalar:
🥇 1-o‘rin — «ELEKTRIKLAR»
Elektrojgutlar tayyorlash sexi — 30 ball.
🥈 2-o‘rin — «SAMAUTO GENIUS»
Payvandlash sexi — 29 ball.
🥉 3-o‘rin — «PARADOKS»
Yuk avtomobillari yig‘ish sexi — 28 ball.
Shuningdek, musobaqada quyidagi jamoalar ham munosib ishtirok etdi:
«Prime Optimization» — 27 ball;
«SH-Line» — 26 ball;
«FIVE FORCE» — 23 ball;
«Liderlar» — 16 ball;
«SamAvto» — 10 ball.
Musobaqa yakunida g‘olib jamoalar diplomlar hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Jumladan, 1-o‘rin sohiblariga 5 million so‘m, 2-o‘rin egalariga 3 million so‘m va 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoaga 2 million so‘m miqdorida pul mukofotlari topshirildi.
Tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, korxona jamoasi o‘rtasida birdamlik, o‘zaro hamjihatlik va intellektual raqobat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Barcha ishtirokchilarga faolligi va tashabbuskorligi uchun minnatdorlik bildiramiz! Musobaqani tashkil etish va o‘tkazishda yaqindan ko‘maklashgan korxona rahbariyati, kasaba uyushmasi qo‘mitasi, hakamlar hay’ati hamda barcha hamkorlarga alohida tashakkur izhor etamiz.
Bunday intellektual va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish hamda jamoada sog‘lom ijtimoiy muhitni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Print Friendly, PDF & Email